Solih alayhissalom qissasi

3 йил аввал 12855 siyrat.uz

Bismillahir rohmanir rohiym

- Qani, bolajonlar, kelinglarchi darsxonamizga!

- Kecha qaysi paygʻambarlarning qissalarini oʻrgangan edik? Kim javob beradi?

- Nuh va Hud alayxissalomlarni...

- Barakalla, qizim, siz ham aytib berasizmi?

- Nuh ayachchayom va Hud ayachchayoyoyom.

- Barakalla, rahmat sizlarga. Meni xursand qildingizlar! Men ham sizlarni xursand qilaman: dam olish kunida istirohat bogʻiga olib boraman. U yerda kichik bir hayvonot bogʻi ham bor. Hammasini tomosha qilib, yayrab oʻynaysizlar. Kelishdikmi? Sizlar buning shukronasiga nima qilishinglar kerak boʻlar edi, bolajonlar?

- Ha, urre, kelishdik, uyya, keyichchik. Darslarimizni bundan ham yaxshi tayyorlaymiz, Qurʼonimizni ham adashmaydigan boʻlib yodlaymiz!..

- Barakalla, meni aqlli oʻgʻil-qizlarim.

Bugun Solih alayxissalomning qissasini oʻrganamiz, inshaalloh.

1

Samud qabilasi Hijoz bilan Shom diyorlarining oʻrtasidagi Hijr degan mintaqada hayot kechirardi. Ularning buyuk meʼmoriy madaniyatlari bor edi. Ular togʻlarga katta-katta uylar, yerga koʻplab qasrlar qurgandilar. Ularning yerlari unumdor boʻlib, bogʻlari juda koʻp edi. Alloh talo ularni sogʻlom va baquvvat, serdavlat, serfarzand qilgandi.

2

Lekin Samud qavmi nodon, Allohni tanimaydigan kishilar edilar. Ular but-sanamlarga, haykallarga ibodat qilishardi. Oʻzlari qoʻllari bilan yasab olgan butlarini iloh deb, maʼbud deb ularga sigʻinishardi. Turli buzuq, yomon ishlarni qilishni odat qilgan edilar. Alloh bergan neʼmatlariga shukr qilish oʻrniga, ularga oʻzimiz oʻz harakatlarimiz bilan erishyapmiz deya maddoxlik qilib, uni inkor etib noshukrlik, nonkoʻrlik qilar edilar. Shuning uchun Alloh talo ularga yoʻlboshchi boʻlsin, ularni toʻgʻri yoʻlga chaqirsin deb Oʻzining paygʻambari Solih alayhissalomni ularga paygʻambar qilib yubordi. Solih alayhissalom ularni Allohga ibodat qilishga daʼvat qilib, butlarga ibodat kilmaslikka chaqirdilar. U zotga ham juda oz kambagʻal va nochor insonlargina iymon keltirdilar xolos. Boy, qabila boshliqlari esa iymon keltirmadilar. Kofirliklaricha qoldilar.

3

Bu kofirlar jim ham yurmasdan, iymon keltirgan odamlarni dinlarida shak-shubxaga solib qoʻyishga, ularni toʻgʻri yoʻldan, Haq yoʻlidan ogʻdirishga harakat qilardilar. Ular Solih alayhissalomning ummatlariga – moʻminlarga qarata: “Solihni Rabbidan Payg'ambar qilib yuborilgan, deb bilmoqdamisiz?”- dedilar. (Arof surasi, 75-oyat).

Ularning bu boʻhtonlariga qaramay Solih alayhissalomga iymon keltirgan, Allohni dinini tan olgan moʻminlar dinlarida mustahkam turib: “Albatta, biz u ila yuborilgan narsaga iymon keltiruvchilarmiz- dedilar (Arof surasi, 75-oyat).

Kofirlar esa yana oʻzlarining nodonliklarida davom etib: Albatta, biz siz iymon keltirganga kofirmiz” dedilar (Arof surasi, 76-oyat).

4

Kunlardan bir kuni Samud qavmining nodon, kofir odamlari ularning paygʻambarlari boʻlmish Solih alayhissalomdan uning haqiqiy paygʻambar ekanini isboti sifati moʻjiza koʻrsatishini talab qildilar. Solih alayhissalom moʻjiza koʻrsatsalargina, unga iymon keltirishlarini, uni haqiqiy paygʻambar ekanini tan olishlarini, yoʻqsa tan olmaslarini aytib Solih alayhissalomga: “Ey Solih, sen bizga moʻjiza keltir! Seni haqiyqiy paygʻambar ekanligingni isbotlaydigan dalil keltir!” dedilar.

Togʻdagi katta bir toshga ishora qildilarda: “Ey Solih, bizga mana shu toshni ichidan katta bir tuya chiqarib ber! Shunday qila olsang biz senga ishonamiz, paygʻambar ekaningni tan olamiz”, deb turib oldilar.

5

Bu nodon Samud qavmi Solih alayhissalomdan oddiy tuya talab qilmadilar, balki chiqargan tuyang katta boʻlsin, rangi undoq boʻlsin, bundoq boʻlsin deb tuyalarda topolmaydigan sifatlarni talab qildilar. Bunday axmaqona talablaridan ularning maqsadlari Solih alayhissalomni qiyin ahvolga solib, ana, koʻrdilaringmi, u shu bir oddiy moʻjizani ham koʻrsata olmadi, qanday qilib u paygʻambar boʻlishi mumkin?, deb Solih alayhissalomni haqiqiy paygʻambar ekanlarini inkor etish edi.

Solih alayhissalom ulardan: “Menga aytingchi, agar sizlar soʻragan narsalarni muhayyo qilsam, sizlarga shu toshning ichidan moʻjiza oʻlaroq tuya chiqarib bersam, sizlar Allohga iymon keltirasizmi? But, sanamlarga ibodat qilishni bas qilasizmi?” deb soʻradilar. Ular: “Xa, ey Solih, biz shunga ahd qildik”, deb Solih alayhissalomga soʻz berdilar.

6

Shunda Solih alayhissalom Robbisi – Alloh taloga duo qilib, qavmiga ular talab qilgan tuyani ular talab qilgan belgilari bilan chiqarib berishini soʻradilar.

Solih alayhissalom duo qilganlaridan keyin soʻralgan moʻjiza sodir boʻldi, yaʼni ular ishora qilib koʻrsatgan toshni ichidan xuddi oʻzlari talab qilgan belgilarga ega katta bir tuya chiqdi. Bu esa Solih alaxissalomni haqiqiy paygʻambar ekanliklariga, uning dini haq din – Islom dini ekanligiga dalil, isbot edi.

Toshdan tuya chiqqanini koʻrgan odamlar daxshatga tushib, koʻzlariga ishonmay, shoshib qoldilar. Baʼzilari bergan vaʼdalarida turib iymon keltirdilar. Lekin ularning koʻplari Solih alayhissalomga bergan vaʼdalarini unutib, unga xilof qilib, iymon keltirmay kofirliklaricha qoldilar.

7

Soʻng Alloh taolo Solih alayhissalomga: “Ey Solih, sen qavmingga xabar berib quygin – bu tuyaga yomonlik qilmasinlar! U tuya Allohning tuyasi degin! Oddiy tuya emas, unga yomonlik qilmanglar deb aytgin!” deb buyurdi. Shunda Solih alayhissalom qavmiga aytdiki: “Ey qavmim! Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan oʻzga iloh yoʻq. Sizga Rabbingizdan hujjat keldi. Allohning mana bu tuyasi sizlarga belgidir. Uni  Allohning yerida tek qo'yinglar.  Unga yomonlik  yetkazmanglar. Yana sizni alamli azob tutmasin-a!(Aʼrof surasi, 73-oyat).

8

Samud qavmining bir suv qudigʻi bor edi. Shu quduqdagi suvni bir kun Samud qavmi, keyingi kun esa oʻsha, toshni ichidan chiqqan, Allohning tuyasi ichardi. Yaʼni shunday navbat bilan ichishga kelishuv boʻlgan edi. Lekin ular tuyaning gali kelganda suvsiz, chanqoq qolishmas edi. Ular tuya suv ichgani kelganda uni sogʻib olishardi. Tuyaning suti shunchalik koʻp ediki, ularning hammasiga yetardi. Shu tariqa, kelishuv asosida, hayot davom etardi. Ammo shayton Samud qavmini yoʻldan urdi. Ulardan eng johillarini shayton tuyani oʻldirishga vasvasa qila boshladi. Mana shu johil, nodon qimsalar toʻqqiz kishi edi. Ularning hammalari Allohning paygʻambari Solih alayhissalomni yomon koʻrishar, qalblarini Solih alayhissalomga boʻlgan adovat, nafrat qurt kabi kemirar edi.

9

Shaytonning vasvasasiga uchib, qavmining qolgan kofirlari bilan kelishib ularga moʻjiza qilib toshning ichidan chiqarilgan, Allohning tuyasini oʻldirishga til biriktirdilar. Ularning ichida eng joxili Qador ibn Solif ularning boshligʻi edi. Kunlarning birida kofirlar keng maydonda toʻplanib tuyaning oʻtishini kuta boshladilar. Tuya ularning oldiga yetib kelganda kofirlardan biri unga qarata oʻq uzdi. Oʻq tuyaning oyogʻiga tegib, uni yiqitdi.

10

Shunda ularning boshligʻi, shaytonning malayi boʻlmish Qador ibn Solif yugurib borib qilichi bilan chopib tuyani oʻldirdi. Shundan soʻng Allohni gʻazabi kelib Solih alayhissalomga vahiy qildi: “Ey Solih, qavmingni tuyaga tegmasliklarini, agar tegishsa, meni gʻazabim kelib, ularga alamli azobimni yuborishimni aytib ularni ogoxlantirgan edim. Ular tuyani oʻldirishdi.  Qavmingga uch kundan keyin azob keladi”, deb u kishini ogohlantirdi. Bu xabarni Solih alayhissalom qavmiga yetkazdilar. Ular qalblaridagi hasad, adovat, nafrat sababli Solih alayhissalomni paygʻambar deb tan olgilari kelmasa-da, lekin u zotni toʻgʻri soʻz ekanliklariga, u kishi xabarini bergan har qanday hodisa sodir boʻlishini juda yaxshi bilishardi. Solih alayhissalom: “Uch kundan keyin sizlarga azob kelar ekan!” deb xabar berganlarida ular u zotga ishondilar. Mana shu uch kunni oʻtishini kutib yashadilar. Uch kun oʻtgach, toʻrtinchi kunning tongida, kofirlar hammalari azobni kutib tashqariga chiqib toʻplandilar. Ular vahimaga tushgan, yuzlari qoʻrquvdan qorayib ketgandi.

11

Koʻp vaqt oʻtmay ularga osmondan qattiq, dahshatli qichqiriq ovoz eshitilib juda kuchli zilzila boʻldi. Natijada, ularning hammalarining jonlari uzildi va jasadlari jonsiz holda qotib qoldi, turgan joylarida halok boʻldilar. Lekin shunchalik dahshatli zilzila boʻlishiga qaramasdan Alloh talo Solih alayhissalom va u kishiga iymon keltirgan moʻminlarni oʻz panohida saqlab qoldi.

Ha, Alloh talo har narsaga qodir Zotdir. Yerni qimirlatadigan ham, osmondan azob tushiradigan ham Allohning Oʻzidir. U xohlasa bir azobni ayrimlarga zararli, qolganlarga esa zararsiz qilib tushirishga ham qodir Zot ekanini biz Solih alayhissalom va uning qavmi misolida koʻrib chiqdik. Kofirlarni yer bilan yakson qildi, moʻminlarni esa sogʻ-omon saqlab qoldi.

12

 

Takrorlash uchun savollar:

1. Solih alayhissalomga kimlar iymon keltirdi?

2. Kofirlar toshni ichidan qanday hayvon chiqarib berishni talab qilishdi?

3. Kofirlar tuyani oʻldirishganidan keyin qanday voqea sodir boʻldi?

4. Kuchli zilzila boʻlganda Solih alayhissalom va moʻminlarga nima boʻldi?

5. Yerni qimirlatadigan, osmondan azob tushiradigan Zot kim ekan? 




Мавзуга оид мақолалар
Тарихда бугун
Робиъул-аввал ойининг 17-куни
  • Ҳижрий 950-йил 17-робиъул-аввал куни (милодий 1543-йил 20-июн) Усмонлилар ҳарбий денгиз флоти Барбароса қўмондонлигида Ситсилия ва Италиянинг баъзи қирғоқларини ва Типпер дарёсида жойлашган Остия портини қўлга киритади.
  • Ҳижрий 1110-йил 17-робиъул-аввал куни (милодий 1697-йил 25-май) Усмонлилар ҳарбий денгиз флоти Ўрта ер денгизидаги Медела оролининг жанубида бўлган жангда Винеция ҳарбий денгиз флотини мағлуб этди. Бу жангда 2500га яқин винециялик ҳарбийлар ҳалок бўлди.
 


Китоблар
ИСЛОМ.УЗ ПОРТАЛИНИНГ САЙТЛАРИ