BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
ODAM alayhissalom
Alloh taolo farishtalariga loydan bir insonni, ya'ni barchamizning otamiz Odam alayhissalomni yaratib, uni yer yuzida Alloh taoloning hukmini yurituvchi – xalifa qilishini aytibdi. Shunda ular: «...Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilasanmi? Holbuki, biz Seni hamding ila poklab yod etib va Seni muqaddaslab turibmiz", dedilar. Shunda Alloh taolo ularga «Men sizlar bilmaydigan narsani bilаman» (Baqara surasi, 30-oyat) - dedi
Shunday qilib Alloh taolo Odamni juma kuni yaratdi va unga ruh, ya'ni jon kiritibdi.
3
Keyin Alloh Odamga barcha yaratilgan va endi yaratiladigan narsalar nomlarni o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga birma-bir ko‘rsatib dedi: «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, manavilarning ismlarini Menga aytib beringchi», - dedi.
Tabiiyki, hamma narsaning nomini aytib berishdan ojiz qolgan Farishtalar: «O‘zing poksan! Bizda sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sen O‘zing o‘ta ilmlisan, o‘ta hikmatlisan» (Baqara surasi, 31-32-oyatlar) – dedilar.
4
Shunda Alloh taolo Odamga farishtalar aytib bera olmagan narsalarning nomlarini birma-bir aytib berishni buyuribdi. Odam o‘ziga ko‘rsatilgan barcha narsaning nomini farishtalarga aytib beribdi. So‘ng Alloh taolo farishtalarga Odamni e'zozlash hamda uni yaratgan Alloh taoloning qudratini ulug‘lash uchun Odamga sajda qilishni buyuribdi. Barcha farishtalar buyruqqa bo‘ysunib, Odamga alayhissalomga sajda qilibdilar.
5
Qarangki, bolajonlar, farishtalar orasida Iblis ham yasharkan. Aslida u farishta emas, jinlardan ekan. Shuning uchun manmanlik qilib, Alloh taoloning buyrug‘iga bo‘ysunmabdi, Odamga sajda qilishdan bosh tortibdi. Bu itoatsizlikdan g‘azablangan Alloh taolo la'nati shaytonni O‘zining marhamatidan uzoqlashtiribdi va uni Jannatdan chiqarib yuboribdi. Bundan ma'yus bo‘lgan iblis Odamni yana ham qattiq yomon ko‘rib qolibdi. Allohga qasam ichib, endi Odam va uning farzandlariga dushmanlik qilishga, ularga barcha yomon ishlarni chiroyli ko‘rsatishga, ularni ham o‘zidek g‘azabga yo‘liqtirishga ahd qilibdi.
6
Alloh taolo Odam alayhissalom va uning xotini Havvoni jannatga kirgazibdi. Ikkalasiga Jannatdagi birgina mevadan tashqari barcha mevalarni xohlagancha yeyishga ruxsat beribdi. Ularni iblisdan ehtiyot bo‘lishga buyurib shunday debdi:
«Ey, Odam, albatta, bu senga va juftingga ham dushmandir. Yana u ikkovingizni jannatdan chiqarib, badbaxt bo‘lib qolmagin» (Toha surasi, 117-oyat).
7
La'nati iblis esa endi bu Jannatda mazza qilib yashab turgan Odam va Havvoni qanday qilib Allohning to‘g‘ri yo‘lidan adashtirsam, ularga gunoh ish qildirsam, ularni ham o‘zimga o‘xshatib Jannatdan quvg‘in qildirsam ekan, deb rosa o‘ylanibdi. O‘ylay-o‘ylay, oxiri o‘zining shaytoniy rejasini tuzibdi va Odamning oldiga kelib: "Ey Odam, men senga mangulik daraxtini va bitmas-tuganmas mulkni ko‘rsataymi?", (Toha surasi, 120-oyat) – dedi.
Odam va Havvoni o‘zining yolg‘on so‘ziga ishontirish uchun gapining orasida "Men sizlarga yaxshilikni ilinyapman", – deb yolg‘on qasam ham ichibdi. Afsuski, u la'nati shaytonning yolg‘on qasamiga Odam va Havvo ishonishibdi.
8
Ular shaytonning hiylasiga uchib taqiqlangan mevadan yeb qo‘yishibdi. Shayton o‘zining yovuz niyatiga yetibdi. Odam va Havvo qilgan bu xato ishlari tufayli yalang‘och holga tushib qolishibdi. Darrov o‘zlarini jannatdagi daraxtlarning yaproqlari bilan to‘sa boshlabdilar. “Shunda Robblari ularga: «Sizlarni o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va: "Albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir", - demaganmidim?!» – deb nido qildi. (A'rof surasi, 22-oyat).
9
Shaytonni so‘ziga kirib, Allohning buyrug‘ini unutib gunoh qilib qo‘yganlari uchun Odam va Havvo jannatdan chiqarilib, yerga tushishga majbur etilibdilar. Ular qilgan gunohlariga pushaymon bo‘lishibdi. Alloh taologa tavba qilib, gunohlarini kechirishini so‘rabdilar va Robbimiz esa ularning gunohlarini kechiribdi.
O‘sha vaqtdan buyon mana shu yashab turgan yerimizda insonlar hayot kechirishni boshlabdi. Odam va Havvo ko‘plab farzandlar ko‘rishibdi. Odam alayhissalom qarib vafot etibdi. Farishtalar uning farzandlariga qanday dafn etishni o‘rgatibdilar. Farzandlar Odam alayhissalomni yerdan qabr qazib, u yerga ko‘mibdilar va uning haqqiga Alloh taolodan rahmat tilabdilar...
10
Qissadan hissa shuki, asli tuproq, ya'ni loydan yaratilgan Odam bolalari umr bo‘yi shu tuproq yuzida yashab, bir kun kelib vafot etib yana o‘sha tuproqqa qaytar ekan. Agar u yerning ustida yaxshi ishlar qilib yashagan bo‘lsa, Alloh taoloning buyurganini qilib, pokiza yursa, namoz o‘qisa, ro‘za tutsa, har bir kishiga yaxshilik qilsa, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmasa, ota-onasini rozi qilsa, vafot etib yerning ostiga tushganda Jannat ismli eng yoqimli, shirin taomlari va ichimliklari bor bo‘lgan eng go‘zal manzarali bog‘ga tushadi. U yerda xohlagan narsalarini yeb-ichadi va doim rohatlanib yashaydi.
Agar odamlar yaramas shaytonning so‘ziga kirib, yomonlik qilsalar, vafot etgach Do‘zax nomli azob va qiynoqlar koni, turli zaharli ilonlar makoni bo‘lgan eng yomon va badbo‘y joyga tushib, u yerda jazolanadilar. Ha, ana shunaqa, bolajonlar, bu dunyodan keyin yana boshqa dunyo ham bor ekan. U yerda ham sizu bizlar yashar ekanmiz...