20 жумадул аввал 1446
Ibrohim alayhissalom

1

Bismillahir rohmanir rohiym

                Aziz bolajonlar! Bugun sizlar bilan Ibrohim alayhissalom qissalarini oʻrganamiz.

- Aytingchi, kecha qaysi paygʻambar haqidagi qissani oʻqigandik?

- Solih alayhissalomning.

- Barakalla, toʻgʻri, Solih alayhissalomning qissalarini oʻrgangan edik!

- Solih alayhissalomning qavmining nomi nima edi?

- Hmmm

- E, eslab qolmabsiz-ku, qizim?! Ertaga aytib berasiz-a! Solih alayhissalomga Alloh taolo qanday moʻjiza bergan edi?

- Tuya, toshdan tuya chiqaygandiyay!

- Xa yashang, barakalla, oʻgʻlim! Solih alayhissalomning qavmi bu moʻjizani koʻrgandan keyin iymon keltirdimi yoki keltirmadimi?

- Baʼzilari iymon keltirishgan xolos.

- Ha, yashang qizim! Solih alayhissalomning tuyalari qancha sut berardi?

- Odamlayning hammachiga, hammachiga...

- Barakalla, shoshqoloq oʻgʻlim, qavmining hammasiga yetadigan sut berardi-a!

Tuyani oʻldirganlar qanaka odamlar edi, ular necha kishi edi?

- Toʻqqiz kishi edi.

- E rahmat, qizalogʻim! Tuyani oʻldirgan johil kimsaning ismi nima edi?

- Qoday, Qoday, toʻyimi, dadajon?

- Juda toʻgʻri, oʻgʻlim, barakalla!  

2

Ibrohim alayhissalom Iroqda yashar edilar. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni oʻz qavmini yolgʻiz Alloh taologa ibodat qilishga daʼvat etish uchun ularga paygʻambar qilib yubordi. Ibrohim alayhissalomning qavmi butlar yasashib, agar agʻanasa, piyola kabi chil-chil sinib oʻzini ham saqlay olmaydigan butlarga ibodat qilishib, ulardan koʻmak soʻrashar, turli balolardan saqlashliklarini tilab ularga iltijo qilishardi. Ularni bu odatlarini koʻrgan Ibrohim alayhissalom: “Manavi siz ibodatiga berilayotgan haykallar nima?!” (“Anbiyo” surasi, 52-oyat). “Nega oʻzinglar loydan yasab olgan bu haykallarga sigʻinasizlar, axir, bu axmoqlik-ku!” deb, ularga tanbeh berdilar. Shunda ular: “Bizning ota-bobolarimiz shu butlarga sigʻinishgan, biz ham shunday qilamiz”, deb javob berdilar.

 

3

Kunlarning birida Ibrohim alayhissalomning qavmi anʼanaviy bir bayrmalarini nishonlash maqsadida yigʻilib, shahardan tashqariga chiqib ketishdi. Ibrohim alayhissalom esa oʻzlarining betob ekanliklari bayramga bora olmasliklarini aytib, uyda qoldilar. Bayramga hamma chiqib ketganidan unumli foydalangan Ibrohim alayhissalom qavmining butxonasiga borib, insonlar qoʻli bilan yaratilgan va oddiy bir odam oldida ham ojiz qoluvchi, oʻzini ham saqlashga qodir boʻlmagan ularning  “but-iloh” larini birma-bir chilparchin qilib sindira boshladilar. Eh bechora “but-ilohlar” Ibrohim alayhissalomga na bir qarshilik qila olishdi va na bir soʻz deya olishdi! Aslo hech narsa qilisha olmadi! Ibrohim alayhissalom barchi butlarni sindirib, ularni ichida bir kattaroq butni sindirmay uning boʻyniga qolgan butlarni urib sindirishda ishlatgan oʻzining boltasini ilib qoʻydilar. Bayramni nishonlab aʼlo kayfiyatlarda qaytib kelgan Ibrohim alayhissalomning qavmi ibodat qilish maqsadida oʻz butxonalariga kirdilar. Kirib ne koʻz bilan qarasalarki barcha butlar agʻdarilib chilparchin boʻlib yotardi. Faqat bitta katta butgina boʻyniga osilgan bolta bilan qaqqayib turardi. Ular bu holatni koʻrib hayratda qolishdi. Bir-birlari bilan kim bunday qilishi mumkin deya munozara qila boshlashdi. Shunda ulardan biri: “Biz hammamiz bayramda edik, faqat Ibrohimgina uyda yolgʻiz qolgandi, bu ishni u qilgan boʻlsa kerak, chunki doimo bizni haykallarimizni mazxara qilib, ustimizdan kulib yurardi”, dedi. Bu gapni hamma tasdiqladi.

 

4

Ular Ibrohim alayhissalomning oldilariga kelib: “Ey Ibrohim, bizning ilohlarimizni sen sindirdingmi, sen ularni chilparchin qildingmi?” deb u zotni soʻroq qila boshlashdi. Shunda Ibrohim alayhissalom: “Nega men sindirarkanman, ana katta butlaring boʻyniga bolta osib olibdiku, balki oʻsha sindirgandir. Singanlarini oʻzlaridan soʻrab koʻrmadingizmi, balki oʻzlari koʻrishgandir”, dedilar. Ular: “Ey Ibrohim, oʻzing bilasan-ku ular gapira olishmaydi, ularga savol berib boʻladimi, ular javob berisha olarmidi”, deyishdi. Shunda u zot:  “E, xa, sizlar iloh deb sigʻinayotgan bu butlaring gapira olmasa, ularni kim sindirganini koʻra olmasa, oʻzlarini ham himoya qilisha olmasa, bu qanaqasi: “Allohni qoʻyib, siz hech manfaat ham, zarar ham bermaydigan narsaga ibodat qilasizmi?! Sizlarga ham, Allohni qoʻyib ibodat qilayotgan narsalaringizga ham suf-e! Axir, aql yuritib ko'rmaysizlarmi?!” (“Anbiyo” surasi, 66/67-oyatlar) deya ularga tanbex berdilar

 

5

Ibrohim alayhissalomning bu gaplaridan soʻng ular: “Haqiqatdan ham butlarimizni Ibrohim sindirgan ekan”, deyishdi va undan qanday qilib oʻch olishni maslahat qila boshlashdi. Shunda ulardan bir yoshi ulugʻrogʻi chiqib: “Agar haqiqatdan ham ilohlaringga yordam bermoqchi, ular uchun oʻch olishni istasangiz “Ibrohimni yoqib yuboringiz! Agar (biror narsa) qiluvchi boʻlsangiz (shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilingiz!” (“Anbiyo” surasi, 68-oyat) agar shunday qilmasalaring, ilohlaring yana xavf ostida qolishi va Ibrohim bir kun sizlarni yoʻgʻingizda yana ularni sindirib tashlashi mumkin”, dedi. Bu maslaxat ularga maʼqul kelib, ular darhol katta bir maydonga juda koʻp oʻtin toʻplashdi. Ibrohim alayhissalomni olib kelib oʻzlarining olovga uloqtiradigan maxsus uskunalari (manjaniq)ga bogʻlab, goʻyo bagʻrimga tushganni bir lahzada kuydirib, kul qilaman deya yonayotgan dahshatli olovga u zotni uloqtirdilar. Tushgan narsani soniyada kuydirib yuborayotgan olovga otilgan Ibrohim alayhissalom ularga: “Sizlar meni olovga tashlasangizda xech narsa qila olmaysizlar chunki Alloh Oʻzi menga kifoya qilguchidir, U eng yaqin vakil, doʻstdir (Xasbunalloxu va niʼmal vakiyl)”, dedilar.

 

6

Ibrohim alayhissalomni koʻrib va u zotning kofirlarga qarata aytgan gaplarini eshitib, bilib turuvchi Alloh taolo olovga: “Ey olov! sen Ibrohimga salqin va salomatlik boʻl!  (“Anbiyo” surasi, 69-oyat).

Olov Alloh taoloning bu buyrugʻiga soʻzsiz amal qildi. Kuchli olov uch kungacha yonib turdi. Ibrohim alayhissalomni uch kun oʻz bagʻrida mehmon qilib, u zotni zarracha kuydirmadi. Ibrohim alayhissalom uch kun dahshatli olov ichra turib hech qanday zarar koʻrmadilar. Buni koʻrgan kofirlar yoqalarini ushlashdi. sodir boʻlgan bu voqeani oʻzini “xudoman” deydigan hukmdor Namrudga yetkazdilar. Ibrohim alayhissalomni butlarni sindirgani, olovda uch kechayu uch kunduz turib sogʻ-salomat chiqib kelganlarini eshitgan Namrud uni darhol huzuriga olib kelishlarini buyurdi. Kofirlar Ibrohim alayhissalomni olib keldilar. Ibrohim alayhissalomni koʻrgan Namrud u zotdan: “Sening Rabbing kim?” – deb soʻradi.

7

Ibrohim alayhissalom esa: “Mening Robbim tiriltiradi va oʻldiradi”, deb javob berdilar (“Baqara” surasi, 258-oyat).

Bunday javobni eshitgan Namrud Alloh bergan saltanatidan gʻururlanib unga bu saltanatni bergan Zotni unitdi. Va “Sening Robbing xohlagan odamini tiriltirib, xohlagan odamini oʻldirsa, bu ishni men ham qila olaman, men ham xudoman”, dedi-da, xizmatkorlariga zindonda yotgan ikki odamni olib kelishlarini buyurdi. Ular ikki odamni olib kelishdi. Namrud qilichini qinidan chiqarib, u ikkovidan birini oʻldirdi. Ikkinchisini esa oʻldirmay tirik qoldirdi. Ibrohim alayhissalomga gʻururlanib bunday dedi: “Koʻrdingmi?! Men ham xohlagan odamimni oʻldirdim, xohlamaganimni esa tirik qoldirdim. Xoʻsh, seni Robbing yana nima qila oladi?”. Shunda Ibrohim alayhissalom: “Senga oʻxshab odam oʻldirish hammaning ham qoʻlidan keladi. Buning uchun faqat qilich boʻlsa bas! Sen mening Robbim kim ekanini yaxshi bilmaysan! Mening Robbim - “Albatta, Alloh Quyoshni Mashriqdan chiqaradi, bas, sen uni Magʻribdan chiqargin-chi?” (“Baqara” surasi, 258-oyat) deya Namrudni odamlar oldida mot qildi.

 

8

Shundan soʻng Ibrohim alayhissalom bu nodon va johil kimsalarning ichida yashab boʻlmasligini tushinib yetdilar. Goʻzal, husnu malohatda tengsiz jufti halollari Sora va jiyani Lutni olib Falastin degan yurtga hijrat qildilar. Falastinda bir muddat yashab, u yerga qaxatchilik kelgandan soʻng, Misrga koʻchib ketdilar. U vaqtlarda Misrda bir zolim podshoh hukmronlik qilar, uning dastidan xalqqa kun yoʻq edi.

Ibrohim alayhissalom Misrga koʻchib borganlaridan keyin u yerlik zolim podshohning navkarlari Ibrohim alayhissalomning jufti halolari Soraning juda chiroyli ekanini oʻz podshohiga yetkazdilar. Buni eshitgan zulmkor podshoh esa unga uylanish maqsadida darhol Sorani uning huzuriga keltirishlarini buyuribdi. Uning navkarlari ham zulmda podshohlaridanda oʻtgan, salla desa, kallasini ham qoʻshib olib keladigan sodiq qullar ekan, darhol Ibrohim alayhissalomning ayollari Sorani podshoh huzuriga olib kelishibdi. Podshoh esa oʻzining qabix maqsadini amalga oshirmoqchi boʻlib Soraga yaqinlashib, unga qoʻlini uzatibdi. Bilasizlarmi bolajonlar shunda nima boʻlibdi? Alloh bu zolimga birovlarga zulm qilish, ularning haqiga hiyonat qilish, birovlarning ayollariga koʻz olaytirish Allohning gʻazabini keltirishini bildirib qoʻyibdi. Yaʼni, u Soraga qaysi qoʻlini uzatsa, oʻsha qoʻli ishlamay qolaveribdi (Subhanalloh).

9

Shundan soʻng u podshoh Soraga tegajaklik qila olmasligini tushinib yetibdi. Va unga oʻzining kanizaklaridan biri – Hojarni xizmatkor qilib berib, Sorani uyiga qaytarib yuboribdi. Ibrohim alayhissalomning jiyanlari Lut alayhissalom Iordaniya hududida yashovchi Sadum qabilasi odamlarini daʼvat qilish uchun ketganlarida Ibrohim alayhissalom xotini Sora va uning choʻrisi Hojarni olib yana Falastinga hijrat qilibdilar. Ibrohim alayhissalomning ayollari Sora onamiz bepusht – farzand koʻra olmaydigan edilar. Shuning uchun kunlarning birida u Ibrohim alayhissalomga oʻzining farzand koʻra olmasligini aytib, oʻzining Misr podshohi sovgʻa qilgan choʻrisi Hojarni u zotga sovgʻa qilibdi. Va Ibrohim alayhissalom Hojar onamizga uylanibdilar.

 

10

Shundan soʻng Hojar onamizga Alloh taolo bir oʻgʻil farzand ato qildi va unga Ibrohim alayhissalom Ismoil deb ism qoʻyibdilar. Ismoil tugʻilganidan soʻng Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga ayoli Hojar onamizni va oʻgʻillari Ismoilni olib Makkai Mukarramaga hijrat qilishini buyurdi.

Kunlardan birida farishtalar Ibrohim alyxissalomga Sadum qabilasining odamlari Lut alayhissalomning daʼvatiga ergashmaganlari uchun ularga Allohning azobi kelishini va yana Ibrohim alayhissalomning birinchi xotinlari Soradan Isxoq ismli oʻgʻil farzand koʻrishlarini, Sora ham tugʻishining xabarini berdilar.

 

11

Oʻzini qarigan chogʻida farzand koʻrishini eshitgan Sora onamiz hayron qoldilar, lekin farishtalar unga bu Allohning marhamati ekanining xabarini berishdi. Kunlardan birida Ibrohim alayhissalom tushlarida oʻgʻli Ismoilni qurbonlik qilayotganini koʻrdilar. Va bu tushni Allohning buyrugʻi ekanini anglab Ismoilga uni qurbonlik qilib soʻymoqchi ekanliklarini aytdilar.

Shunda Ismoil alayhissalom otasining tushi haq tushligini, bu Allohning buyrugʻi ekanini anglab otasiga: “Otajon, meni qurbonlik qilavering, faqat sizdan iltimos, meni soʻyayotganingizda koʻzlarimni bogʻlab quysangiz, toki pichoq boʻynimga qadalganda, jonim qiynalib sizning muborak yuzingizga yomon qarab qoʻyib, Allohim oldida gunoxkor boʻlib qolmay!”, deb oʻz roziligini bildirdi.

Ibrohim alayhissalom oʻgʻlini qurbonlik qilmoqchi boʻlib, pichoqni Ismoil alayhissalomni boʻyniga tortganda moʻjiza yuz berdi. Qurbonlik uchun charxlab oʻtkirlab qoʻyilgan pichoq Ismoil alayhissalomning boʻyinlarini  kesmadi. Bilasizmi bolajonlar, nimaga bunday boʻldi? Chunki Alloh taolo qurbonlik qilish buyrugʻi bilan Ibrohim va Ismoil alayhissalomlarni imtixon qilmoqchi edi. Yaʼni “Oʻz jigargoʻshang oʻgʻlingni qurbonlik qilgin desam, qurbonlik qilarmikan, yoki qilmasmikan”, - deb ularni sinamoqchi edi. Shuning uchun pichoqqa ham “kesmagin!” deb buyruq berdi. Pichoq Alloh taoloning moʻjizasi ila kesmadi. Shu vaqt Alloh taolo Ibrohim va Ismoil alayhissalomlarni oʻzining imtixonidan yuksak namuna ila oʻtganlarini koʻrib, Jibriyl alayhissalomdan Ibrohim alayhissalomga bir katta qoʻchqor yuborib, uni Ismoil alayhissalomning oʻrniga qurbonlik qilishini xushxabarini berdi. Bu esa Ismoil alayhissalomning iymoni butunligi, taqvosi mustahkam ekanligi, Allohning buyrugʻiga soʻzsiz itoat etganiga Alloh tomonidan unga yuborilgan mukofot edi. Bundan ham ortiq mukofot boʻlishi mumkinmi axir! Bundan Ibrohim alayhissalom ham, Ismoil alayhissalom ham juda xursand boʻlishib, qoʻchqorni soʻyishdi. Shunday qilib “Qurbon hayiti”da qoʻchqor soʻyish Ibrohim alayhissalomning sunnatlari boʻlib qoldi.

 

12

Ismoil alayhissalom yigitlik yoshiga yetganlarida otasi Ibrohim alayhissalom “Baytulloh”ni qurishga kirishdilar va Ismoil alayhissalomdan “Baytulloh”ning poydevorlarini qurishda u zotga yordam berishligini aytdilar. Ota-bola birgalikda “Baytulloh”ni qura boshlashdi. Kaʼbaning binosi bitgach Alloh taologa yuzlanib: “Yo Rabbimiz, bizdan buni qabul qilgin! Baytingni qurib bitkazdik, barcha musulmonlar buning atrofida aylanib, uni tavof qilib, Oʻzingga ibodat qilishliklari uchun, Oʻzingga yalinib – yolvorishlari uchun Oʻzingni yordaming bilan qurib bitkazdik. Oʻzing buni bizdan qabul qilgin! Va bizni avlodlarimizdan solih zotlarni chiqargin!” deb duo qildilar.

Xoʻsh bolajonlar, menga aytinglarchi! Nega Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar oʻzlari qattiq mehnat qilishib Allohning baytini qurishib, Alloh taoloning Oʻzining buyrugʻini bajara turib, nega yana Alloh taologa uni qabul qilishini soʻrab duo qilishyapti? Bilasizmi nimaga? Chunki ular bu duolari bilan bizlarga ham Alloh taoloning barcha buyruqlarini soʻzsiz bajarish kerakligini va shu bilan birga uni qabul qilishini soʻrab U Zotga iltijolar ham qilish kerakligini, faqat shundagina Alloh taolo qilgan ibodatlarimizni, yaxshi amallarimizni, duolarimizni qabul qilib, bizlarga Oʻzining marhamati, rahmatini ayamasligini yuksak namuna qilib koʻrsatishgandir.    

Makkada “Kabatulloh”ni qurgach Ibrohim alayhissalom yana Falastinga qaytib ketdilar va u joyda betob boʻlib vafot etdilar. U kishini Halil shahrida dafn etdilar. Ibrohim alayhissalom “Halilullox” – Allohning doʻsti va “Abul-anbiyo” – paygʻambarlarning otasi degan ulugʻ va sharafli nomlarga musharraf boʻlganlar.

 

Takrorlash uchun savollar:

1. Ibrohim alayhissalomning qavmi butlarga ibodat qilisharmidi, yoki Alloh taologami?

2. Qavmining odamlari shahardan tashqariga bayramni nishonlashga chiqishib ketganidan unumli foydalanib Ibrohim alayhissalom nima qildilar?

3. Ibrohim alayhissalomni butlarni sindirganini bilgan qavmi unga qanday jazo berishmoqchi boʻlishdi?

4. Nima uchun olov Ibrohim alayhissalomni kuydirmadi?

5. Hikoyada kim: “Men xudoman, men ham xohlagan odamimni oʻldirib, xohlaganimni oʻldirmayman”, deb Ibrohim alayhissalom bilan bahslashib oxir oqibat sharmanda boʻldi?

6. Ismoil alayhissalomning onalarining ismi Hojarmi yoki Sorami?

7. Misrning zolim podshohi Sora onamizga tegajaklik qilmoqchi boʻlganda uning qoʻllariga nima boʻldi?

8. Sora onamiz Ibrohim alayhissalomga kimni sovgʻa qildilar?

9. Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomga uni qurbonlik qilib soʻymoqchi ekanini aytganda Ismoil alayhissalom rozi boʻldilarmi?

 10. Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar Alloh taoloni imtihonidan oʻta olishdimi, Alloh taolo ularga qanday mukofot yubordi?

11. “Baytulloh”ni kim qurdi?

12. Kim “Halilullox” – Allohning doʻsti va “Abul-anbiyo” – paygʻambarlarning otasi degan ulugʻ va sharafli nomlarga musharraf boʻlgan?

06:05 / 27.06.2020
Аввалги мақола
Idris alayhissalom
Пайғамбарлар қиссаси
Solih alayhissalom qissasi
Bismillahir rohmanir rohiym - Qani, bolajonlar, kelinglarchi darsxonamizga! - Kecha qaysi paygʻambarlarning qissalarini oʻrgangan edik? Kim javob beradi? - Nuh va Hud alayxissalomlarni... - Barakalla,...
02:47 / 27.06.2020 Батафсил...
Пайғамбарлар қиссаси
Hud alayhissalom
Od qavmi Yamanning Axqof deb ataladigan bir xududida yashar edilar. Ular juda ulkan, gavdalari katta, baquvvat insonlar edilar. Ular katta-katta, baland-baland uylarda yashardilar. Oʻzlariga qasrlar,...
22:48 / 26.06.2020 Батафсил...
Пайғамбарлар қиссаси
Nuh alayhissalomning qissasi
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM Kecha qaysi paygʻambarlarning qissalarini oʻrgangan edik? Kim javob beradi? Iblis farishtalardan ekanmi, jinlardan ekanmi? Bugun Nuh alayxissalomning qissasini oʻrgana...
22:52 / 26.06.2020 Батафсил...
Пайғамбарлар қиссаси
Ibrohim alayhissalom
1 Bismillahir rohmanir rohiym                 Aziz bolajonlar! Bugun sizlar bilan Ibrohim alayhissalom qissalarini oʻrganam...
06:05 / 27.06.2020 Батафсил...